(Alisher Navoiyning hayoti va ijodiga bag`ishlangan tadbir ssenariysi)
Sahnaga ikki boshlovchi chiqadi.
1-boshlovchi:  Buyuk mutafakkir, g`azal mulkining sultoni – Mir  Alisher Navoiy tavalludi tantanasiga yig`ilgan aziz mehmonlar, assalomu alaykum!
2-boshlovchi:  “Davron elining jismida jon bo`lg`on” mo`’tabar ustozlar, assalomu alaykum!
1-boshlovchi:
Jondin seni ko`p sevarmen, ey umri aziz,
Sondin seni ko`p sevarmen, ey umri aziz.
Har neniki sevmak ondin ortuq bo`lmas,
Ondin seni ko`p sevarmen, ey umri aziz.
2-boshlovchi:
Kamol et kasbkim olam uyidin,
Senga farz o`lmag`ay g`amnok chiqmoq.
Jahondin notamom o`tmak biaynih,
Erur hammomdin nopok chiqmoq.
(boshlovchilar chiqib ketadilar)
(Sahnaga 3 o`quvchi va Navoiy siymosi (Navoiy qiyofasidagi o`quvchi) chiqadi)
1-o`quvchi:  Aziz bobojon! Siz betakror va boqiy siymosiz. Siz yaratgan asarlar samodek tiniq, tongdek shaffof, musiqiy ohanglar bilan yo`g`rilgan.
Asarlaringizni o`qir ekanmiz, har bir satringizdan o`z xalqingizga, insoniyatga cheksiz mehringiz, u bilan bir jon, bir tan ekaningizni anglash qiyin emas.
Vatan tarkini bir nafas aylama,
Yana ranji g`urbat havas aylama.
2-o`quvchi: Aziz bobojon! Siz jozibador baytlaringiz bilan insoniyatga so`zning sehrini, hayotning ma’nosini, saodatning eshigini ochib  berayotgandeksiz. Bu gulshanda saodatning kaliti odamlarga yaxshilik qilishda ekanligini anglatdingin,

Bu gulshan ichra yo`qtir baqo guliga sabot,
Ajab saodat erur yaxshilik bila chiqsa ot.
3-o`quvchi:
Ulug` ustoz!  Siz  g`azal mulkining sultonisiz. Siz bir umr:
Odamiy ersang demagil odami,
Onikim yo`q xalq g`amidin g`ami,-
degan shioringizga sodiq qoldingiz.
(o`quvchilar chiqib ketadilar)
Ovoz:
Jahonki muqaddas neni ko`ribdi,
Bariga onasan, ey qodir hayot.
Asrlar qa’ridan boqib turibdi,
Nurli bu yuzlarga nuroniy bir zot.
Shu buyuk o`g`lingni ardoqlab dildan,
Xalqim, ta’zim etsang arzigay tamom.
Uning nomi bilan birga bitilgan
Dunyo daftariga o`zbek degan nom.
Mumtoz kuy chalinadi. Navoiy o`z ijodxonasida……..
Kecha kelgumdir debon ul sarvi gulro` kelmadi,
Ko`zlarimg`a kecha tong otquncha uyqu kelmadi.
Lahza-lahza chiqdimu chektim yo`lida intizor,
Keldi jon og`zimg`ayu ul sho`xi badxo` kelmadi.
(asta-sekin Navoiy siymosi sahnadan chekinib, kuy qo`shiq va raqsga ulanadi. (Munojot).
1-boshlovchi: Navoiy 60 yillik umri davomida o`z davrining ijtimoiy-siyosiy  voqeliklarini, inson tuyg`ularini, uning kamolini, o`z orzu-tilaklarini  boy adabiy ilmiy merosida aks ettirdi.
2-boshlovchi: Navoiyning  mana shu boy badiiy, ijodiy dahosi o`z davridan boshlab adabiy hayotimizda alohida bir maktab bo`lib keldi.
1-boshlovchi: Navoiyga bag`ishlangan bugungi tadbirni ramziy ma’noda to`rt faslga bo`lamiz. Zero, Navoiy “Xazoyin ul-maoniy”da aytganidek, “Umr fusulining navbahori”ga sayr etsak.
Yosh Alisher bolaligidanoq o`zining o`tkir zehni, ziyrakligi va xushxulqi bilan  barchani hayratga solgan. U uch-to`rt  yoshidayoq she’riyatga mehr qo`yadi,  to`rt-besh yoshida Qosim Anvor g`azallarini yod biladi, maktab yoshida Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” asarini to`liq yodlaydi.
Sahna ko`rinishi. Yosh Alisherning Taft shahrida Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashuvi.
2-boshlovchi: Navoiy o`z umrining ikkinchi davrini “Yigitlik nodirliklari” deb atadi. U yetti-sakkiz yoshlarida g`azallar bitgan bo`lsa, o`n ikki-o`n uch  yoshlarida mamlakat bo`ylab shuhrat taratadi, el e’tiborini qozonadi. Navoiy yigitlik yillarida o`zi sevgan shoirlarning  “shirin ash’ori va rangin  ab’yotidin” ellik mingdan ortiq baytni yod bilgan. Aziz qat- nashchilar, Sizni Navoiy umrining shu fasliga chorlaymiz.
Navoiy (Navoiy qiyofasidagi o`quvchi) o`z g`azallaridan birini o`qiydi.
(Ikki o`quvchi Navoiyning  “Qaro ko`zim” hamda “Topmadim” radifli g`azallarini yod aytadilar. Kuy chalinib turadi).
1-boshlovchi: “Fusulning xazoni, tiriklik bog`ining barg- rezining nishoni” bo`g`on fasl. Alisher Navoiy umrining bu davrida mamlakatda “Amiri kabir” – (Ulug` vazir) sifatida o`zining olijanob va eng yuksak orzulari – xalqqa xizmat qilish, mamlakat osoyishtaligini  saqlash, hokimiyatni mustahkamlash, ilm-fan va adabiyot, obodonchilik va madaniyatni rivojlantirishdek ulkan ishlar qanchalik og`ir va ma’suliyatli bo`lmasin, ularni katta mehr-muhabbat va ulug`vorlik bilan amalga oshirdi. Shu bilan birga, bir lahza ham ijoddan to`xtamadi.
2-boshlovchi:
Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasig`a panja urmoq.
1-boshlovchi:
Kerak sher oldida sher jangi,
Gar sher o`lmasa bori palangi.
(Shu o`rinda o`quvchilar ijrosida “Xamsa”dan parchalar va Navoiy g`azali bilan aytiladigan qo`shiqlar ijro etiladi)
2-boshlovchi: Buyuk “Xamsa”ni yaratib, Nizomiy, Xisrav Dehlaviy, Jomiyga hamqadam bo`lib, buyuklar qatoridan joy olgan hazrat Navoiy o`z oldiga  qo`ygan maqsadini sharaf bilan ado etdi.
1-boshlovchi: Zamonining alloma shoiri, ustozi Jomiyning yuksak bahosiga musharraf bo`ldi. Husayn Boyqaro esa  “Bu qalamga falakdin ofarinlar yog`ilsin” deya niyat bildirdi.
2-boshlovchi: To`rtinchi fasl – “Umr fusulining qishi”. Navoiy ishq dardi va ranjining umr oxirida ko`rsatgan natijalariyu jonni o`rtovchi kechinmalarini  “Favoyid-ul kibar”da jamlagan.
(Tadbirda Navoiy g`azal va ruboiylari bo`yicha mushoira o`tkazishni ham tavsiya qilamiz. Mumtoz musiqa chalinib turadi).
1-boshlovchi: Alisher Navoiy haqida shoirning do`sti, maslakdoshi Husayn Boyqaro o`z “Risola”sida deydi (sahnaga Husayn Boyqaro kirib keladi):
“Mir Alisher turk tilining o`lgan jasadiga Masih nafasi bilan ruh-jon kirgizdi… U har bir she’r turi maydoniga topqir otini surar ekan, o`sha mamlakatni til qilichi bilan o`ziga tobe’ etdi. Uning nazmini maqtashga til nuqsonli va qalam ojizdir va bu kun nazm dunyosining ruboi maskunida qahramon udur va uni bu mamlakatni qo`lga kiritgan sohibqiron desa bo`ladi”.
Adabiyotshunos:  Olis yulduzlarning nuri ular so`nganidan keyin ham ming-ming yillar mobaynida ona-Erimizga yog`ilib turar ekan.
Mir Alisher o`z davridayoq buyuk daholar safidan mustahkam o`rin olib, o`zbek nomini jahonga mashhur qilib, ona xalqimiz timsoliga aylandi, uning ummon qadar bepoyon ijodidan har kim o`z iste’dodiga yarasha bahramand bo`ladi. Zero, Navoiyning har bayti hikmatli bir kitob.
Biz shunday ulug` mutafakkir shoirimiz borligidan faxrlanamiz, iftixor qilamiz. Bugungi tadbirimiz Navoiyga, she’riyat dahosiga bo`lgan ehtiromimizning bir ko`rinishidir.
Barchamizga, adabiyot ahllariga she’riyat bayrami muborak bo`lsin.
Birin-ketin o`tib borar asrlarning karvonlari,
Oh, nechog`lik xatarlidir uning oshar dovonlari,
Inson zoti murodiga azal-abad yetar edi.
Ushalsa gar umidvor zot Navoiyning armonlari,
Fursat keldi do`stu g`anim kimligini bilay bu kun.
Jami bashar farzandiga saodatlar tilay bu kun,
Ko`kka boqib sahar chog`i iltijolar qilay bu kun,
Nurga to`lsin aziz bobom, Navoiyning makonlari.

(barcha kechada qatnashganlar boshlovchilar tomonidan rollari bilan tanishtirilib, sahnaga taklif etiladilar)

Navoiyning hikmatli so`zlari

Boshni fido qilg`il ato boshig`a,
Jismni qil sadqa ano qoshig`a.
Tun-kuningga aylagali nur fosh,
Birisin oy angla, birisin quyosh.
* * *
Karam va muruvvat ato va anodurlar,
Vafoyu hayo ikki hamzod farzand.
* * *
Haq yo`lida kim senga bir harf o`qitmish ranj ila.
Aylamak oson emas haqqin ado ming ganj ila.
* * *
Gavharu durni quloq ozori bil,
So`zni quloqning duri shahvori bil.
* * *
Jahon ilmiki bu kun menga yod erur,
Anga barcha jahl ahli ustod erur.
* * *
Bu gulshan ichra yo`qdir baqo guliga sabot,
Ajab saodat erur qolsa yaxshilik bila ot.

Prezidentimiz I.A.Karimov Alisher Navoiy haqida

Inson qalbining quvonchu qayg`usini, ezgulik va hayot mazmunini Navoiydek teran ifoda etgan shoir jahon adabiyoti tarixida kamdan-kam topiladi.
* * *
Insoniy ishq-muhabbatni, mehru vafo, iffat, sharmu hayo va nazokatni yonib, hassoslik bilan kuylagan Navoiyning go`zal satrlarini o`qiganda buyuk va olijanob qalb sadolarini sezib turamiz. Bu yurak tug`yonlari, mana, oradan besh yarim asr o`tsa hamki, millionlab odamlarni hayajonga solib kelmoqda.
* * *
Ona tiliga muhabbat, uni ulug`lash, beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg`usi ham bizning ongu tafakkuri- mizga, yuragimizga avvalo Navoiy asarlari bilan kirib kelgan.
* * *
Alisher Navoiyning tarix va bashariyat oldidagi ulug` xizmatlaridan biri shundaki, u adolat tuyg`usini har bir inson, har qaysi xalq va millat intilib yashaydigan oliy mezon darajasiga ko`tardi, odamzodni hayotda adolatni qaror toptirishga, uni asrab-avaylashga chorlab o`tdi.
* * *
Navoiy hazratlarining tom ma’noda xalqparvar shaxs bo`lgani, uning o`lmas g`oyalari bugungi kunlarimiz uchun ham bag`oyat hamohang va ibratli ekani, ayniqsa, ahamiyatlidir.